NAVOIY INNOVATSIYALAR UNIVERSITETI TASHABBUSI BILAN ALISHER NAVOIY MEROSINI
O'RGANISHGA BAG‘ISHLANGAN YIRIK ILMIY-AMALIY ANJUMAN O‘TKAZILDI
2025-yil 14-fevral kuni Navoiy innovatsiyalar universiteti tashabbusi bilan “Alisher Navoiy ijodiy merosining bashariyat ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli tadbirda taniqli navoiyshunos va adabiyotshunos olimlar, jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori Nurboy Jabborov, Xalqaro Islom akademiyasi professori, filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov, Samarqand davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Usmon Qobilov, Buxoro davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Husniddin Eshonqulov, Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti dotsenti, filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) Shaxlo Hojiyeva, Navoiy davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) Zarif Quvonovlar hamda universitet professor-o'qituvchilari, yosh tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etishdi.
Anjumanda Alisher Navoiy merosining xalqaro miqyosdagi ahamiyati, uning jahon madaniyati va ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi atroflicha muhokama qilindi. Xususan, Nyu-York Milliy kutubxonasida saqlanayotgan Navoiy qo‘lyozmalari va Amerika kutubxonalarida joylashgan nodir manbalar haqida qimmatli ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, ilmiy anjumanda o‘zbek-turk ma’naviy merosini o‘zida aks ettirgan Yevropa muzeylari haqida fikrlar bildirilib, xorijiy kutubxonalarda saqlanayotgan o‘zbek merosi asosida tayyorlangan 3 jildlik kitoblar jamlanmasi universitetga sovg‘a qilindi.
Tadbir yakunida ilmiy anjumanda ishtirok etgan olimlarga maxsus sertifikatlar va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi. Mazkur ilmiy uchrashuv Hazrat Navoiy merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib qilish yo‘lida katta qadam bo'ldi. Mutaxassis olimlarning ma'ruzalari talabalarimizda Navoiy merosini anglashga bo'lgan qiziqishlarini yanada oshirganligi bilan muhim ahamiyat kasb etdi.