Navoiy innovatsiyalar universitetida “Bobur – benazir siymo”
nomli adabiy-badiiy kecha bo‘lib o‘tdi
2025-yil 13-fevral kuni Navoiy innovatsiyalar universiteti “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi tashabbusi bilan buyuk mutafakkir, shoir va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlangan “Bobur – benazir siymo” nomli adabiy-badiiy kecha tashkil etildi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan Bobur Mirzoning hayoti va ijodiy merosini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Shoirning ma’naviy boyligidan bahramand bo‘lish maqsadida uning dilrabo g‘azal va ruboiylari yod o‘qildi, mumtoz qo‘shiqlar ijro etildi.
Tadbir ishtirokchilarining e’tiborini tortgan qiziqarli askiyalar va Bobur Mirzo haqidagi noodatiy ma’lumotlar esa kechaga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Mazkur adabiy kecha Boburiy merosining naqadar ulug‘vor ekanini yana bir bor yodga solib, ishtirokchilarga unutilmas taassurot ulashdi.