Navoiy innovatsiyalar universiteti rahbariyati tomonidan professor-o'qituvchilar va xodimlar uchun Yangi yil ayyomi munosabati bilan shahrimizning muhtasham “Oqsaroy” to'yxonasida bayram dasturxoni tashkil etildi.
Bayram tadbiri oliygoh ta'sischisi Urolbek Normuratov va rektor Jo'rabek Mavlonovning tabrigi bilan ochildi.
Shundan so'ng tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar diqqatiga NIUning 2024 yil davomida erishgan yutuqlariga mo'ljallangan videorolik taqdim etildi. Unda oliygohning bir yil davomida erishgan yutuqlari, xalqaro hamkorliklari va imzolagan memorandumlari, universitetda bo'lib o'tgan xalqaro doiradagi konferentsiya va universitet grantiga ega bo'lgan talabalar hursandchiliklari aks etgan bo'lib, yig'ilganlarda iliq taassurot qoldirdi.
Bundan tashqari, yil davomida o'zining mehnatsevarligi, oliygoh faoliyatiga bevosita o'z hissasini qo'shganligi va tashkiliy ishlarda faol ishtiroki uchun professor-o'qituvchilar, tyutorlar va xodimlardan bir qanchasi pul mukofoti, sayohatga yo'llanma, tashakkurnoma va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandilar.
Tadbir davomida “Sulton-shou” raqs ansablining yorqin chiqishlari, xonandalarning sho'x kuy-qo'shiqlari davraga zavq bag'ishlab, tadbir yakunida barcha mehmonlarga Yangi yil sovg'alari taqdim etildi.
Yorqin lahzalarga boy bo'lgan Yangi yil bayrami barchaning xotirasida unutilmas taassurotlar qoldirdi.